FARZANDINGIZ SIZNI QANDAY KO'RADI?

FARZANDINGIZ SIZNI QANDAY KO'RADI?

7875
1

Homiladorlik davringizda farzandingiz doim qoron-g‘ilikda bo‘ladi. Ko‘rish qobiliyati u tug‘ilgan vaqtda eng kam rivojlangan organ ekanligi ajablanarli hol emas. Buni bola tug‘ilganda bosh miya qobig‘ining ko‘rish uchun javob beradigan qismini eshitish, hidlash va his qilish kabilarga nisbatan kamroq rivojlangan bo‘lishi bilan ham asoslash mumkin. Go‘dak tug‘ilishi bilan uning oldiga juda murakkab vazifalar qo‘yiladi, u turli predmetlarda nigohini to‘xtatishi, notanish bo‘lgan yorqin nurga o‘rganishi, barcha ranglarni farqlay olishi, o‘z hayotida birinchi bor ko‘rayotgan ko‘plab narsalarni anglay bilishi lozim.

Dastlab, uning ko‘rish qobiliyati katta odam ko‘rish imkoniyatlarining atigi 4 foizini tashkil etadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq o‘z nigohini undan ko‘pi bilan 25 sm uzoqlikda bo‘lgan predmetlarda to‘xtatishi mumkin. Bu bolani emizishda taxminan ona ko‘kragidan uning yuzigacha bo‘lgan masofadir. U barcha ranglarni aniq farqlay olmaydi, masalan, qizil va sariq rangni osongina ajratib olishi mumkin, ko‘k va yashil rangni esa bitta rang sifatida qabul qiladi. Shuningdek, u ochiq, nursiz ranglarni ham ajratishda qiynaladi.

Go‘dagingizning ko‘zlari yonida joylashgan eng oddiy, keskin ajralib turadigan, tekis qirrali va to‘g‘ri chiziqli predmetlarni yaxshiroq anglaydi. Oq-qora geometrik shakllar ham uning e’tiborini olsa kerak. Buning ustiga ular uning ko‘rish qobiliyati tezroq rivojlanishi uchun ham foydalidir. Yana go‘dak yonlama ob’ektlarni, "ko‘z qiri" bilan ko‘rishi mumkin bo‘lgan harakatlarni ko‘rishga ham qiziqadi.

Biroq chaqaloq uchun eng qiziqarli bo‘lgan mashg‘ulot – inson yuzini tomosha qilishdir. Olimlar yangi tug‘ilgan chaqaloq unga ko‘rsatilgan boshqa qiziqarli predmetlarni inkor etgan holda aynan inson yuzini muntazam ravishda kuzatib turishini isbotlab berdilar. Avval go‘dak odamlarni ularning ayrim yuz qismlariga ahamiyat bermagan holda, bosh, soch shakllariga qarab xotirasini shakllantirib, ularni yuz tuzilishi bo‘yicha taniydi. Shu sababli go‘dagingiz hayotining birinchi haftalarida sochingiz ko‘rinishini tubdan o‘zgartirsangiz, uni juda taajjubga solasiz. Ovozingizni eshitishga qadar birinchi soniyalarda u notanish odamni ko‘rgandek qo‘rqib ketishi mumkin.

2 oy davomida bolangizning ko‘rish qobiliyati ancha rivojlanadi. Bunga qadar bolaning har bir ko‘zi ko‘rgan predmetlar shakli bosh miyaning chap va o‘ng yarim pallalarida alohida shakllanib kelgan edi. Endi esa bolada stereoskopik ko‘rish qobiliyati rivojlanib boradi: har bir ko‘zi alohida tarzda ko‘rgan shakllar bosh miya tomonidan bitta shaklga birlashtiriladi. Bu esa, atrof-muhitni o‘rganishda bolaning muhim yutug‘i hisoblanadi.

Uch oylarga borib, go‘dak atrofdagilarning og‘iz, burun shakl-lari kabi yuz qism-lariga e’tibor bera boshlaydi. Endi bolakay odamlarni yanada yaxshiroq taniydi. Bulardan tashqari, endi u xatti-harakatlarni sezib, ularni instinktiv ravishda izohlashi ham mumkin – agarda onasining lablari chimirilgan bo‘lsa, demak u nimadandir xafa, agarda uning ko‘zlari va lablari kulib tursa, demak u xursand va baxtlidir, o‘z navbatida go‘dak ham o‘zini juda yaxshi his qiladi.

Olti oylik davrda go‘dagingizning ko‘rish qobiliyati katta odamnikiga nisbatan taxminan 10 foizni tashkil etadi. U endi ob’ektlarni kuzatish, kattagina masofada (tug‘ilgan vaqtiga qaraganda ikki marta uzoqroq) joylashgan predmetlarni ko‘rish imkoniga ega. Oxirgi olti oy ichida uning ko‘rish qobiliyati katta odam darajasiga deyarli yaqinlashadi, lekin shundan ke-yin ham bu jarayon davom etadi, bolaning ko‘rish qobiliyati ke-yingi 4 yil ichida to‘liq shakllanadi va mustahkamlanadi. Bolaning barcha sezgi organlari uning miyasida yangi, murakkab bog‘lanishni jamlagan holda birgalikda ishlashga o‘rganadi. Albatta, hammasining o‘z vaqti-soati bor, lekin siz bolangizning yanada tezroq va uyg‘unlikda rivojlanishiga yordam berishingiz mumkin.

Kichik maslahat

Ushbu maslahatlar va murakkab bo‘lmagan mashqlar go‘dagingiz rivojlanishining ilk bosqichlarida uning ko‘rish imkoniyatlarini kuchaytirishga yordam beradi:

1. Uning atrofida aniq geometrik shaklga va yorqin kontrast ranglarga (qora, oq, qizil, sariq) ega bo‘lgan predmetlarni joylashtirishga harakat qiling. Balki bu kattalarning o‘yinchoq qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi tasavvuriga mos kelmas, lekin bolaning ko‘rish qobiliyatini hisobga olgan holda, aynan shunday predmet va o‘yinchoqlar uning rivojlanishi uchun eng foydalidir.

2. Go‘daklarni ayniqsa harakat qilayotgan jismlar o‘ziga tortadi. Shu sababli bolaga yangi o‘yinchoq olib berar ekansiz, uni ko‘rish maydonida aylantirib bolaga ko‘rsating. Avval go‘dak sizga javoban anglab bo‘lmas harakatlar qiladi, lekin sekin-asta bola ko‘zlari bilan o‘yinchoqni kuzatishga o‘rganadi.

3. Bolaning karavoti tepasida o‘yinchoqlar va rasmlarni almashtirishga yoki ularni qo‘shishga harakat qiling. U o‘zgarishlarni albatta sezadi, chunki u avval ko‘rgan jismlar uning xotirasida qoladi. O‘yinchoqlarning almashishi yangi taassurotlar berib, uning yanada tezroq va uyg‘unroq rivojlanishiga imkon yaratadi.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va "Sog‘lom avlod uchun" Xalqaro xayriya jamg‘armasi mutaxassislari tomonidan tayyorlandi.

16 ta ovoz

Ovoz berish:
1 2 3 4 5

SHARE

Komment qoldirish